ILMIY TАDQIQOTLАR

Muzeylar ilmiy faoliyatining asosiy yoʼnalishi oʼzi joylashgan hudud yoki mintaqa (vodiy, voha)ni har tomonlama (tabiati, tarixi, etnografiyasi, madaniyati, sanʼati va adabiyoti, hunarmandchiligi, toponimikasi, folьklori va b.) oʼrganishdan iborat. Qoʼqon davlat muzey qoʼriqxonasi ilmiy faoliyati ham aynan shu yoʼnalishda olib borildi.
Tadqiqotlar asnosi Fargʼona vodiysi boʼyicha yuqorida koʼrsatilgan yoʼnalishlar asosida oʼrganishlar olib borildi. Ilmiy tadqiqotlar turli ilmiy jamlanmalarda mavjud boʼlgan arxiv materiallarini oʼrganish, qoʼlyozma va toshbosma adabiyotlarni tabdil va tahlil etish, arxeologik qazish ishlarida ishtirok etish, ekspeditsiyalar hamda ilmiy safarlar oʼtkazish, aholi tilidan turli maʼlumotlarni yozib olish va boshqa yoʼnalishlarda olib borildi.
Ilmiy ishlar natijasida koʼplab ilmiy maʼlumotlar qoʼlga kiritildi. Jumladan, ekspeditsiyalar natijasida Janubiy Fargʼonadagi IX – XI asrlarga oid Vorux kitobalari oʼrganildi. Tabiatni muhofaza etishga qaratilgan eng qadimgi yuridik akt – Isfara hokimi, Qoraxoniylar sulolasiga mansub Аbbos Teginning Vorux qishlogʼi atroflarini qoʼriqxona sifatida davlat muhofazasiga olish haqidagi qoyatoshga koʼfiy yozuvida bitilgan yorligʼi topildi. Yana bir yozuv esa, Аrab xalifasi Xorun ar-Rashid farmoni ekanligi aniqlandi. Vodiyning shimol tomoni – Sirdaryo boʼylari hamda Qurama tizma togʼlari boʼylab oʼtkazilgan ekspeditsiya asnosida koʼplab xalq ogʼzaki ijodi namunalari bilan bir qatorda Qoʼqon xonlarining kelib chiqishi bilan bogʼlik “Oltin Beshik” dostonining xalq varianti yozib olindi. Shu paytgacha rasmiy tarixshunoslikda “Oltin Beshik” dostoni Qoʼqon xonlarining buyurtmasiga koʼra tarixnavislar tomonidan yozilgan” degan tushuncha bor edi. Muzey xodimlari tomonidan xalq tilidan yozib olingan variant esa, bu doston nafaqat hukmdorlarning taxtga egalik huququqini mustahkamlash uchun yozilgan asar, balki Fargʼona xalqining mustaqil Fargʼona davlatini barpo etish haqidagi orzu-umidlari inʼikosi ekanligini tasdiqlaydi.
2006 yilda shahar hokimligiga hamda Madaniyat vazirligiga Qoʼqon shahrining yoshini aniqlash ishlarini boshlash zarurligi haqida taklif kiritildi hamda bu ishlarni olib borish uchun shahar uzoq tarixga ega ekanligi haqida ilmiy asos tayyorlandi. Ilmiy asosda qazish ishlari olib borilishi mumkin boʼlgan nuqtalar ham koʼrsatib oʼtildi. Shunga koʼra shahar rahbariyatining qatʼiy harakati bilan shahar yoshini aniqlash boʼyicha arxeologik tadqiqotlar olib borish uchun Oʼzbekiston Аrxeologiya instituti tomonidan maxsus Qoʼqon ekspeditsiyasi tashkil etildi hamda qazish ishlari boshlab yuborildi. Qazish ishlarida muzey ilmiy xodimlari ham ilmiy maslahatchi va ishchi sifatida ishtirok etdilar. Qazish ishlari asnosida Qoʼqon shahri tarixi ikki ming yildan ziyod ekanligi aniqlandi, yaʼni “Qoʼqon milodiy eradan oldingi birinchi asrda shahar sifatida shakllangan” degan xulosaga kelindi. Qazish ishlari davomida topilgan qadimgi oʼrda qoldiqlari asosida shahar milodiy era boshlarida Parkan konfederatsiyasiga kiruvchi Xoʼqand davlatining poytaxti boʼlganligi aniqlandi.. Hali qazib koʼrilmagan bir qancha obʼektlar mavjud. Аgar tadqiqot ishlari davom ettirilganda shahar yoshi borasida yanada aniqroq xulosaga kelish mumkin edi.
Muzey ilmiy xodimlari tomonidan Qoʼqon shahrining qadimgi davrlardan hozirgi kunlargacha boʼlgan yilnomasi tuzildi.
Nomiga “Qoʼqon” hamda “Xoʼqand” soʼzlari qoʼshib aytiladigan buyumlar, hodisalar, voqealar, oʼsimlik va jonivorlar, geografik obʼektlar, hunarmandchilik mahsulotlari va sanʼat asarlari, pullar, uslublar, adabiyot, fan, sanʼat, hunarmandchilik, madaniyat, tibbiyot, musiqa, sport va boshqa sohalarda yaratilgan maktab va muhitlar, “Xoʼqandiy” taxallusli ulugʼ kishilar haqida maʼlumot toʼplanib, bir tizimga solindi. Bu roʼyxat 350 dan ziyod nomni oʼz ichiga oladi.
Hunarmandchilik tarixini oʼrganish borasida xam salmoqli ishlar olib borildi: koʼp yillik tadqiqotlar asosida XIX asrning ikkinchi yarmi – XX boshlarida Qoʼqonda 710 hil kasb – hunar mavjud boʼlganligi aniqlandi. Mazkur hunarlardan aksariyat qismining tarixi oʼrganildi, xalq ichidan yetishib chiqqan koʼplab hunarmandlar kashf etildi.
Toponimika sohasi boʼyicha xam doir tadqiqotlar olib borildi: Qoʼqondagi 66 mahalla hamda 435 koʼchaning nomi tarixi va izohi oʼrganildi. Muzey taklifi bilan shahar joy nomlari hayʼati tomonidan 142 koʼcha va mahallaning tarixiy nomlari tiklandi.
Unutib yuborilgan turkiy kalendarni topish va tiklash boʼyicha tadqiqotlar olib borildi. Shunisi eʼtiborga molikki, turkiy taqvim oylarining har biri tabiatdagi fenologik oʼzgarishlar asosida nomlangan. Bundan tashqari, yil fasllari va mavsumlari ham oʼrganildi. Kunlarning turkiy – oʼzbekcha nomlari ham izlab topildi va tiklandi. Turkiy taqvim oylarining Grigoriy kalendari va Shamsiy – qamariy taqvim oylari bilan qiyosiy jadvali tuzildi.
Har bir xalqning va davlatchilikning oʼz qonunlari, tartib qoidalari bor. Bu sohada ham davomli ilmiy tadqiqotlar olib borildi. Turli qoʼlyozma va toshbosma kitoblar, risolalar, xalq ogʼzaki adabiyoti namunalari, koʼpni koʼrgan keksalar, turli urugʼlar vakillari bilan suhbatlar natijalari asosida quyidagi qonun va tartib – qoidalar haqida maʼlumotlar va ulardan parchalar topishga muvaffaq boʼlindi:
1) Yasoq – turkiy davlatlarning asosiy qonuni, taʼbir joiz boʼlsa, konstitutsiyasi. U quyidagi qismlardan iborat:
– Biylik – davlatni boshqarish qonun va qoidalari;
– Toʼra – maʼmuriy va mahalliy boshqaruv qonun – qoidalari;
– Upoy – hozirgi jinoiy-protsessual qonunlarga toʼgʼri keladigan qonun-qoidalar majmuasi.
2) Zong. Zang, Zarang degan nomlari ham bor. Islom kirib kelgach, “Odat” deb yuritila boshladi. Insonning yurish-turishi, jamiyat bilan munosabatlari, axloq-odob bilan bogʼliq tartib-qoidalar majmuasi. Uning faqat “Oila va turmush” degan boʼlimidan parcha topishga muvaffaq boʼlindi xolos. Boshqa qismlarini qidirish, toʼldirish ishlari davom etmoqda.
Ilmiy tadqiqotlar natijalari asosida muzey ilmiy xodimlari tomonidan quyidagi ilmiy – ommabop asarlar nashr etildi:
– Qoʼqon shahar oʼlkashunoslik muzeyi tasviriy sanʼat asarlari (oʼzbek, rus, ingliz tillarida);
– Porloq xotira sohiblari;
– Qoʼqon shahar oʼlkashunoslik muzeyi. Yoʼl koʼrsatkich;
– “Tarixiy obidalar” fotoalьbomi;
– “Qoʼqonlik hunarmandlar” fotoalьbomi .
– Qatagʼon deparasi. – Tarix darslarida atamashunoslik materiallaridan foydalanish.
– Xoʼqandi latif mahallalari va koʼchalarining nomlanish tarixi.
– Xudoyorxon oʼrdasi. Xoʼqandi latif manoqibi.
– Xoʼqandi latif hunarmandchiligi.
– Xoʼqandi latif tarixi (tazkira).

+99873 542 6089

info@kokandmuseum.uz

150502, Farg’ona viloyati, Qo’qon shahri Istiqlol ko’chasi 2-uy

Dushanba – Shanba 9:00 – 18:00
Yakshanba – 09:00 – 16:00