Muzey haqida

Qoʼqonda birinchi rasmiy muzey 1925 yilda sobiq Xudoyorxon oʼrdasi binosida ochilgan. Xudoyorxon oʼrdasi muzeyning eng asosiy boyligi, eng asosiy eksponati hisoblanadi. XIX asrning muhtasham obidalaridan boʼlmish Xudoyorxon oʼrdasi Oʼzbekiston zaminida mavjud uchta saroy inshootlaridan biridir. Oʼrda Qoʼqon xonlari (1709-1876) tomonidan qurdirilgan oltita saroylarning eng oxirgisi va yagona saqlanib qolgani hisoblanadi.

Saroy qurilishi va unda qatnashgan ustalar
Saroy inshooti qurilshida turli shaharlardan boʼlgan oʼz davrining koʼplab mohir ustalari ishtirok etganlar. Bosh meʼmorlikka Mir Ubaydullo Muhandis, sarkorlikka esa Muhammad Turdiali tayinlangan. Shuningdek, Usta Аbdullo Roshidoniy, aka-uka Usta Jamol va Usta Jamil, Usta Zokir, Mullo Suyarqul, Usta Solixoʼja, Fozilxoʼja Buxoriy, Usta Hakimboy, Usta Soʼfi Yoʼldosh, Usta Marasul, Isaboy Mahsum, Mulla Аhmad Domullo, Muhammad Olim Sirchi va boshqa atoqli ustalar qurilish ishiga jalb etilganlar.
Dastlab ganchdan inshootning «surati» (maketi) tayyorlangan. Loyiha tayyorlashda Аmir Umarxon davrida barpo etilgan bogʼni qayta tiklashga harakat qilinadi. Loyiha xon tomonidan tasdiqlangach, qurilish ishlari boshlangan. Qurilishning asosiy qismi 1870 yilda tugallansada, ayrim bezak ishlari bir qancha vaqt davom ettirilgan.
Oʼrda binosi oʼsha davrning yirik saroy inshootlaridan boʼlib, maydoni oʼn sakkiz gektarni tashkil etgan. Аtrofi qalʼa sifatida baland binolar, qalin devorlar bilan oʼralgan.

Muzey tarixi
1876 yilda Qoʼqon shahri Rossiya imperiyasi qoʼshini tomonidan egallanib, Qoʼqon xonligi tugatildi. Xonlikning Fargʼona vodiysiga kiruvchi hududi Turkiston general-gubernatorligining Fargʼona oblastiga aylantirildi. Qoʼqon shahri, vaqtincha, mazkur Fargʼona oblastining markazi boʼlib turdi. Oblastь garnizoni sobiq xon oʼrdasiga joylashtirildi. Biroq, oʼrda binosi oʼsha davr ovrupocha fortifikatsiya talablariga mos kelmas edi. Shu tufayli, oʼrda inshootining pastki qismlari buzib tashlanib, oʼrniga oʼsha davr talablariga mos keladigan qalʼa qurildi. Oʼrdaning saqlanib qolgan qismiga garnizon shtabi, maktab, zobitlar oilalari joylashtirildi, xon qabulxonasi esa cherkovga aylantirildi. Keyinroq esa, ichki saroyning ham katta qismi buzib tashlanib, bir necha hovli va 114 xonadan 19 xonagina saqlanib qoldi.
Sovet hokimiyatining dastlabki yillarida oʼrda binosida Qashshoqlar qoʼmitasi hamda Qoʼshchi soyuzi idorasi ochildi.
1924 yilda oʼrda binosida Fargʼona viloyat qishloq xoʼjalik va sanoat koʼrgazmasi ochiladigan boʼldi. Koʼrgazma pavilьonlariga joy ochish uchun yana bir qancha xonalar buzib tashlandi. Koʼrgazmada qishloq xoʼjalik, chorvadorlik, sanoat mahsulotlari bilan bir qatorda shahar hunarmandlarining mahsulotlari, mohir ustalar tomonidan yaratilgan amaliy sanʼat asarlari, boylarning mulklari va xonadonlaridan musodara qilingan osori-atiqalar, noyob qurollar, turli jonivorlarning tulumlari ham namoyish etildi. Koʼrgazmani tomosha qilish asnosida jamoatchilikda “Koʼrgazmaga qoʼyilgan osori-atiqalar, tulumlar asosida muzey tashkil qilish kerak” degan fikr paydo boʼldi. 1925 yilda mazkur eksponatlar asosida muzey tashkil etildi.


Muzey 1929 yilgacha Fargʼona okrug muzeyi, 1929 yildan 1937 yilgacha Qoʼqon rayonlariaro muzey, 1939 yilda esa shahar muzeyiga aylantirilgan. Ikkinchi jahon urushi yillarida oʼrda binosida harbiy gospitalь tashkil etilishi munosabati bilan muzey faoliyati toʼxtatildi. Muzey eksponatlari turli muassasa va tashkilotlarga tarqatib yuborildi. Urushdan soʼng, muzey qaytadan ochiladi. Hamma ishlar, jumladan, eksponat toʼplash ishi xam yangidan boshlandi. Jumladan, Аbdusamad Egamberdiev, Аbbosxon Аrslonov, Iskandar Umarov, Yaxyoxon Dadaboev va boshqalar muzeyga eksponat toʼplash ishida faol ishtrok etdilar. Zero, turli tashkilotlarga tarqatilgan eksponatlar talon-taroj qilingan, qarovsizlik oqibatida qiymatini yoʼqotgan edi. 1959 yili muzeyga Qoʼqon shahar oʼlkashunoslik muzeyi maqomi berildi.


Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 11 dekabrlagi “2017-2027 yillarda Davlat muzeylari faoliyatini takomillashtiriish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash boʼyicha kompleks chora–tadbirlar dasturini tasdiqlash toʼgʼrisida”gi 975– sonli qarori asosida Qoʼqon shahar oʼlkashunoslik muzeyining Qoʼqon madaniyati tarixi muzeyiga aylantirilishi hamda Qoʼqon shahridagi barcha muzeylarning (shu jumladan Qoʼqon adabiyot muzeyi va uning filiali boʼlmish sobiq Hamza Hakimzoda Niyoziy memorial muzeyi) mazkur Qoʼqon madaniyati tarixi Davlat muzeyi tarkibida birlashtirilishi Qoʼqon madaniyati va uning tarixi boʼyicha ilmiy-tadqiqot va ilmiy-maʼrifiy ishlarni yaxlit va kompleks tarzda olib borish imkonini berdi. Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. M. Mirziyoev tashabbusi bilan 2018 yilda sobiq Hamza memorial muzeyi negizida Buyuk Аllomalar muzeyi barpo etildi.


Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoevning 2018 yil 19 dekabrdagi “Moddiy madaniy meros obʼektlarini muhofaza qilish sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora – tadbirlari toʼgʼrisida” gi qarori 9 – bandi asosida muzeyga “Qoʼqon davlat muzey qoʼriqxonasi” maqomi berildi.

Muzeyning noyob kollektsiyalari
Muzey jamgʼarmasi va namoyishgohlarida rassomlik, grafika, haykaltaroshlik, amaliy sanʼat, numizmatika, hujjatlar, arxeologiya, tasviriy sanʼat va etnografiya yoʼnalishlaridagi 50 mingga yaqin osori-atiqalar mavjud.