XUDOYORXON O‘RDASI

XIX asrning muazzam va muhtasham obidalaridan bo‘lmish Xudoyorxon o‘rdasi Turkiston zaminida mavjud uchta saroy inshootidan biridir. Qo‘qon xonligi davrida (1709 – 1876 yy.) xonlar tomonidan olti marta O‘rda (saroy) qurdirilgan. Zamona zayli bilan ular vayron bo‘lib, faqat oxirgi o‘rda – Xudoyorxon o‘rdasining kichik bir qismigina saqlanib qoldi.

Avvalo, «o‘rda» atamasining ma’nosiga e’tibor beraylik. Qadimiy turkiy tillarda «o‘rda» atamasi «qabilalar birlashmasi», «davlat», «saltanat» ma’nolarini anglatgan. Vaqtlar o‘tishi bilan atamaning mohiyati o‘zgarib, «davlat boshlig‘i qarorgohi» ma’nosiga kelib qolgan.

Manba’larning xabar berishicha, Xudoyorxon o‘rdasi o‘rnida Amir Umarxon o‘rdasi bo‘lgan. Muhammad Alixon davrida mazkur inshoot mukammal ta’mirlanib, «Zarrinsaroy» degan nom olgan, ba’zan «Qirqustun» deb ham atalgan. Ushbu go‘zal inshoot 1842 yildagi urush piravordida Buxoro amiri Nasrulloxon tomonidan vayron etilgan.

Sayyid Muhammad Xudoyorxon taxtga o‘tirgach, «Jahonoro» saroyida istiqomat qilgan. Saroy eskirib qolganligi, bu yerda otasi va akasi fitna qurboni bo‘lganligi tufayli, yangi o‘rda qurdirish fikriga tushadi. Bu fikr yoshligda tug‘ilgan bo‘lsada, sharoit taqozosi bilan bu ishga 1865 yildagina kirisha oladi. Umarxon xotirasini yodga olib, yangi o‘rdani Umarxon o‘rdasi xarobalari o‘rniga qurishni mo‘ljallaydi.

Bosh me’morlikka Mir Ubaydullo Muhandis, sarkorlikka Muhammad Turdiali tayinlanadi. Shuningdek, Usta Abdullo Roshidoniy, aka-uka Usta Jamol va Usta Jamil, Usta Zokir, Mullo Suyarqul, Usta Solixo‘ja, Fozilxo‘ja Buxoriy, Usta Hakimboy, Usta So‘fi Yo‘ldosh, Usta Marasul, Isaboy Mahsum, Mulla Ahmad Domullo, Muhammad Olim Sirchi va boshqa atoqli ustalar qurilish ishiga jalb etiladilar.

Dastlab ganchdan inshootning «surati» (maketi) tayyorlanadi. Loyiha tayyorlashda Amir Umarxon davrida barpo etilgan bog‘ni qayta tiklashga harakat qilinadi. Loyiha xon tomonidan tasdiqlangach, qurilish ishlari boshlab yuboriladi. Qurilishning asosiy qismi 1870 yilda tugallansada, ayrim bezak ishlari bir qancha vaqt davom ettiriladi.

O‘rda binosi o‘sha davrning yirik saroy inshootlaridan bo‘lib, maydoni sakkiz gektarni ishg‘ol etgan. Atrofi qal’a sifatida baland binolar, qalin devorlar bilan o‘rab olindi. Qal’a atrofiga choh qazilib, Qo‘qonsoydan chiqarilgan anhor chohdan oqizilib, yana soyga tashlanadi.

Inshoot to‘rt tarkibiy qismdan iborat bo‘lgan:

1. Tashqi saroy (qal’a);

2. O‘rta saroy;

3. Bog‘;

4. Ichki saroy.

Ichki saroy me’moriy jihatdan yetti hovli va yuz o‘n to‘rt xonadan iborat bo‘lgan. Yuz o‘n to‘rt raqami Qur’oni Karimdagi suralar soniga ishora bo‘lib, me’morlar bu raqamni o‘z inshootlarida ifodalashga harakat qilganlar Ushbu yuz o‘n to‘rt xonadan bizning davrimizgacha faqat o‘n to‘qqizta xona saqlanib qolgan.